21:31 EKO nima degani? | |
EKO degani oddiy qilib aytganda sun'iy urug'lantirishdir. Bu usul 1978 yildan beri dunyoda samarali qo'llanib kelib, minglar bepusht oilalarga farzand baxtini ulashib kelmoqda. EKO ruscha "ekstrakorporalnoye oplodotvoreniye" atamasining qisqartmasi. Uning ma'nosi shundaki, urug'lanish ayol organizmida emas, balki tashqi muhitda sun'iy ravishda amalga oshirilib, hosil bo'lgan embrion esa bir necha kundan so'ng ayol bachadoniga sun'iy kiritiladi. Buning uchun ayol tuxumdoni kuchli stimulyatsiya qilinadi. Natijada tuxum hujayralariga ega bir necha follikula yetilib chiqadi. Shifokor tuxumdonini tashqaridan maxsus igna orqali punksiya qilib yetilgan tuxum hujayralarini chiqarib oladi. Bu tuxum hujayralari erkak spermatozoidlari bilan maxsus probirkada urug'lantiriladi. Agar erkak spermatozoidlarining sifati past bo'lsa, IKSI uslubi yordamida spermatozoidning urug'lantirish qobiliyatiga ega bo'lgani ajratilib olinadi, agar urug'lantirish qobiliyatiga ega bo'lmasa unda donor spermasidan foydalaniladi. Probirkada urug'langan tuxum hujayrasi bir necha kun davomida bo'linish natijasida embrionga aylanadi. Shundan so'ng embrion ayol bachadoniga maxsus yo'l bilan kiritiladi va embrion o'z rivojlanishini bachadonda oddiy homiladorlik singari davom etadi. Saboq.Org saytidan olingan. Sun'iy urug'lantirish bepushtlikning qaysi holatlarida qo'l kelishi mumkin? 1. Ayolning ikkala bachadon yo'llarining yo'qligi yoki ularning o'tkazuvchanligi juda pastligi; 2. Erkak bepushtligi (spermatozoidlarning sifatsizligi); 3. Bepushtlikni davolashning boshqa yo'llari 10 yildan ortiq samarasiz bo'lganligi; 4. Bepushtlikning sababi noaniq ekanligi. Erkakning spermatozoidlari umuman urug'lantirish xususiyatiga ega bo'lmagan hollarda spermatozoidlar bazasidan donor spermasidan foydalaniladi. Sun'iy urug'lantirishning natijasi qanday? Suniy urug'lantirishdan homilador bo'lish imkoniyati yaxshi, lekin bunday homiladorlikni saqlab qolish ko'p faktorlarga bog'liq: - er-xotinning umumiy salomatligi; - er-xotin yoshi (qanchalik yosh bo'lsa, shunchalik homiladorlik saqlanish ehtimoli katta); - sun'iy yetilgan embrionning sifati; - to'g'ri belgilangan va amalga oshirilgan muolaja va boshqa faktorlar. Bir marta sun'iy urug'lantirish natijasida homiladorlik yuz bermagani hech narsani bildirmaydi. Xuddi oddiy homiladorlik singari sun'iy homiladorlik urunishlari ham bir necha bor takrorlanib bola tug'ilish ehtimoli bor. Sun'iy urug'lantirish muolajasi o'rtacha necha pul turadi? Sun'iy urug'lantirish muolajasining narxi har xil mamlakatda turlichadir. Statistik ma'lumotlarga qaraganda o'rtacha 5000 AQSH dollaridan 10000 AQSH dollarigacha tashkil qiladi. Undan tashqari samolyot, yashash va dori-darmon xarajatlarini ham inobatga olish lozim. Sun'iy urug'lantirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi: 1-bosqich Er-xotin to'liq diagnostika qilinib, sun'iy urug'lantirish dasturi belgilanadi. Dastur ichida undan keyin amalga oshiriladigan homiladorlikni olib borish tizimi ham aniq ko'rsatiladi. 2-bosqich Er-xotinni sun'iy urug'lanish muolajasiga ruhan va jismonan tayyorlash: ayol organizmidagi gormonal o'zgarishlarni tuzatish, spermatozoidlar sifatini oshirish, infeksiyalarni davolash va hokazo. 3-bosqich Ovulyatsiyani stimulyatsiya qilish (kuchaytirish), Ultra tovushli diagnostika orqali kuzatish (10-30 kun davomida). 4-bosqich Sun'iy urug'lantirishni amalga oshirishdan oldin tuxum hujayrasini to'liq rivojlantirish maqsadida ayolga HCHG (maxsus suyuqlik) kiritiladi. 5-bosqich Tuxum hujayralari ayol tuxumdonidan maxsus igna yordamida olib chiqariladi, erkak spermasi topshiriladi. Tuxum hujayralari probirkada spermatozoidlar bilan sun'iy urug'lantiriladi (1 kun). 6-bosqich Embrion rivojlanishi kuzatiladi (2-5 kun). 7-bosqich Embrion ayol bachadoniga sun'iy kiritiladi. Qolgan embrionlar har ehtimolga qarshi muzlatib qo'yiladi (1 kun). 8-bosqich Sun'iy urug'lantirish natijasida vujudga kelgan homiladorlikning ilk davrida qo'shimcha gormonlar ichiladi (homiladorlikning 10-14 haftasigacha). 9-bosqich Homiladorlikni aniqlash, test o'tkazish (sun'iy urug'lantirishdan so'ng 2 hafta o'tgach). 10-bosqich UTD diagnostikasi (sun'iy urug'lantirishdan so'ng 3 hafta o'tgach). 11-bosqich Homiladorlikni olib borish (oddiy homiladorlikdan ko'ra ko'proq e'tibor va mas'uliyat talab etiladi). 12-bosqich Tug'ish jarayoni. Sun'iy urug'lantirishda ayol tuxumdoni stimulyatsiya qilinib, bir nechta tuxumdon vujudga kelishi natijasida, egizaklar tug'ilish ehtimoli katta. manba: Uzbaby.uz | |
|
| |
Sayt Menyusi
Bo'limlar
Teglar
Eng ko'p o'qilganlar
Homiladorlik Taqvimi
Saytdan izlash
So'rovnoma
Saytga Kirish
Hisobot

Reklama