23:03 Kuyov bo'lish ilmi | |
Kelinchakka chimildiqda aytadigan birinchi gaping shu bo‘lsin: "Ilohim, siz bilan birga hammamizga saodatli kunlar kelayotgan bo‘lsin. Ammo aytib qo‘yay, men oila a'zolarimsiz bir bo‘lakman, butunligim ular bilan. Meni dunyoga keltirgan mualliflarim, tumshug‘ida suv, don berib voyaga yetkazgan xaloskorim - shu oilamdagilar. Ularning pastu- baland fe'llari o‘zimga ayon. Balki biridan sevinib, biridan kuyib yurarman. Ammo qandayligidan qat'i nazar, ular mening mulkim, mehrimga tushgan, yoqmay qolsa, kechib yuborolmayman! O‘rtaga qo‘yadigan birinchi shartim shu: hech qachon jigar-bag‘irlarimni menga yomonlamang. Siz tufayli hech biridan ko‘nglim qolmasin! Qo‘lingizdan kelsa, ularni menga issiq ko‘rsating, yomonlarimni yaxshi qilib bering! Agar bu iltimosimni bajarmasangiz, sizdan ikki dunyo rozi emasman!" Mana shu gapni aytish qo‘lingdan kelsin, o‘g‘lonim! O‘g‘lonim, ota-onangdan ko‘rgan mehr- muhabbatingga gap yo‘q. Ammo hayotingda eng yuksak izzat-hurmatni kuyov bo‘lganingda qaynona-qaynotangdan ko‘rasan. Millatimizning tamoyili shunday, bolasiga, hatto, o‘ziga ilinmagan hurmatni, mukofotni kuyoviga tutadi. Sochlarining oqi bilan kuyovi qoshida ta'zimda turadi. Xullasi, uni bolasidan a'lo ko‘radi. O‘g‘lonim, sen bu muhabbatlardan rohatlan va shu bilan birga bir o‘ktamlik qil: ular o‘g‘illariga ko‘rsatmagan yaxshiliklarini senga beryaptilarmi, sen ham goh-gohida ularga o‘g‘illari qilolmagan muruvvatlar ko‘rsat, qadlarini ko‘tarib qo‘y. Avvalo kuyovdan hargiz umidvor bo‘linmaydi, aslida esa ulardan sening qarzdorliging katta! Gulday qizlarini jonlaridan uzib, umrbodga senga berib qo‘ydilar, uning ustiga bir uy mol ham qo‘shib berdilar, bu ham yetmaganday, topganlarini ostonangga tashiganlari tashigan! Ustiga ustak seni kaftlarida tutishlarini qara! O‘g‘lonim, sening ham ularga muruvvatpesha bo‘lishing yigitchilikdandir! "Ulfating qarg‘a bo‘lsa, yemishing go‘ng" degan gap bor. Kuyov bo‘lgan zahoting ko‘chadagi joyingni bil, arzon jo‘ralarni yig‘ishtir. Uylanish - ko‘p qatori risolaga tushish degani, shu kungacha sen faqat o‘z urug‘-avloding nazari ostida yurgan bo‘lsang, kuyov bo‘lgach, endi seni kuzatuvchilar butun bir avlodga ko‘payadi. Yurt orasidagi yurish-turishing bilan na faqat o‘zingning, balki qaynota-qaynonang, qayinbo‘yinlaring sha'nini ham himoya qilib yurasan yoki teskarisi! Shunday bo‘lib olki, senga ulangach, qudalarning obro‘siga obro‘ qo‘shilsin. Hattoki, sening andishangni qilib, o‘zlarining ayrim qusurlariga chek qo‘ysinlar.. Bu - sharofatli kuyov bo‘lganing, o‘g‘lonim! Kuyov bo‘lish qatorga kirish demakdir. Endi maslahat ovoziga egasan. Quda taraflarning to‘risi seniki. Uka-singillaring taqdiri haqidagi maslahatlar sening ishtirokingsiz o‘tkazilmaydi. Endi mahalladagi, qarindosh-urug‘ orasidagi fotiha lozim joylarga, janoza marosimlariga o‘z nomingdan qatnashishing shart. To‘ylarga-yu, bemorlarni yo‘qlashga ota-onangdan tashqari, alohida sovrin va o‘z tuguning bilan borasan. Taomil shunday. Oila a'zolaring oldida ayolingga ha deganda e'tibor beraverma. So‘z qotaverma. Tashqarida, do‘stu qadrdonlaringning orasida juftingni ta'riflama, u haqda gapirging kelavermasin! Boisi, bir savol paydo bo‘ladi: tegrangda ayolingdan boshqa azizroq odam yo‘qmi? Ular ta'riflanishga arzimabdimi? Va hokazo. Oila mustahkamligiga qachon darz ketadi? Boshqalarni bir tomonga surib, hadeb bir kishini maqtayverishdan! Qolaversa, ayolingni parda ortida asraganing, oriyatingga o‘ragan gavharingdir. O‘z asraganini esa risoladagi erkak o‘rtaga solavermaydi! O‘g‘lonim, kelin kelguncha uyingdagilar uchun bola eding, uncha-munchaga sendan gina qilmasdilar. Kuyov bo‘lgan zahoting katta kishiga qanday qarasalar, seni shunday taftish eta boshlaydilar: endi sen uchun eng qaltis joy - oilang, yaqinlaring! "Ro‘zg‘or" degan xilqatning hech qayerda yozilmagan qonunlari, hukm va jazolari bor. Ko‘pincha sening xatolaring uchun ayoling javob beradi. Ehtiyotsizliging bois, bitta o‘zing bir necha kishiga ziyon yetkazasan. Bir jon senga turmushga chiqib farog‘at ko‘rmoqchi edi, ko‘rsin! Ota-onang seni uylantirib orzu-havasga erishmoqchi edilar, erishsinlar! Har bir harakating hisob-kitob-da, ko‘zingni och, o‘g‘lonim! Ko‘chadan kirarkansan, so‘zing bilan ham, ko‘zing bilan ham avval onangni izla, otangni ziyorat qil, ahvollarini so‘ra, so‘nggina ayolingni ko‘r va bo- langga e'tibor qil. Bilginki, ota- onangning bitta ishi qolgan, u ham bo‘lsa, kunda sening eson-omon ishdan kelishingni kutish! Sen esa kela solib, ayolingni so‘rading yoki bolalaringni alqashga tushding. Shugina xatoingning kasrini ko‘r: ko‘zim tegmasin deb, seni hatto o‘zidan ham qizg‘anib o‘tgan ona seni butunlay egallab olgan kelindan qizg‘onmaydimi?! Muvozanat bundan tarang tortadi, qaynona-kelin mojarolari boshlanadi Manba: saboq.org | |
|
Sayt Menyusi
Bo'limlar
Teglar
Eng ko'p o'qilganlar
Материалов за текущий период нет.
Homiladorlik Taqvimi
Saytdan izlash
So'rovnoma
Saytga Kirish
Hisobot
Reklama