00:26
Er va xotin orasidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etish

Oiladagi kelishmovchiliklarning kelib chiqishi er va xotin bir birini tushunmasligidadir. Deyarli hamma er-xotin muntazam ravishda bir biriga arazlashib turadi. Nega birga yashaydigan ikki insonga bir birini tushunish shunchalik qiyin? Oilada totuvlik, ahillik bo'lishi uchun nima qilish kerak? Bu haqda bizga dunyoga mashhur kitob muallifi, psixolog psixolog Gerri Chempen so'zlab beradi.
Bu savolga javob juda oson. Er va xotin bir tilda gaplashish kerak. Biz hozir o'zbek tili haqida gapirayotganimiz yo'q. Biz nazarda tutayotgan til bu psixologik tildir. Uning 5 turi mavjud. Ko'pincha er psixologik tilning bir turida gaplashayotgan bo'lsa, xotini esa boshqa tilda gaplashayotgan bo'ladi, bu esa ular orasida tushunmovchilikni yaratadi.

Psixologik tilning 5 turi:

1. Rag'batlantirish


Ayrim insonlar rag'batlantirish, maqtov yoki stimulyatsiyaga muhtoj bo'ladilar. Misol uchun, er yangi biznes boshladi. U har kuni tinmay ishlamoqda, izlanmoqda, yangi biznesni oyoqqa turg'azish maqsadida harakat qilmoqda. Har kuni uyga kech kelsa ham, bollari bilan dars qiladi, ularni uxlatadi, keyin esa xotini bilan gaplashib o'tiradi. Xotini eri charchayotganini ko'rib unga mazali taomlar pishiradi, kechqurun esa erim dam olish kerak deb, uni bezovta qilmay kirib yotadi. Lekin, negadir eri xafa, xomush ko'rinadi. Nega? Bir ko'rinishdan hammasi yaxshiga o'xshaydi-ku, ammo unday emas. Eri maqtov, minnatdorchilik, rag'batlantirish so'zlarini birontasini eshitgani yo'q. Azir u xotini, oilasi uchun shuncha qilyapti, buni esa hech kim sezmayotgandek. Aslida unday emas, xotini sezib unga har tomonlama yordam berishga harakat qilmoqda, lekin eri uchun muhim bo'lgan "Rahmat", "Siz bo'lmasangiz biz nima qilar edik?", "Siz tufayli bolalar juda yaxshi o'qishyapti,"-kabi oddiy so'zlarni aytmayotgani erini ranjitmoqda. Erining psixologik tili rag'batlantirish. Xotini esa buni bilmay, o'z tilida unga bo'lgan mehrini va minnatdorchiligini ko'rsatib kelmoqda. Orada esa tushunmovchilik paydo bo'lmoqda.
Yoki boshqa bir misol, ayol kuni bilan uyni saramjon qilib, mazali taomlar pishirib, o'ziga zeb berib erini kutib o'tirmoqda. Eri kelib esa bugun ayolini soch turmagi boshqacha ekanligini, ovqat har doimgidan mazaliroq ekanligini ko'rib xotiniga minnatdorchilik va yordam tariqasida bolalarini o'zi uxlatib beradi. Qarasa-ki, xotini arazlagan. "Nima bo'ldi?"-desa, xotini alam bilan "Hech qachon meni qilgan ishimni qadriga yetmaysiz,"-deb javob beradi. "Axir qadriga yetganim uchun, bugun mazza qilib ovqatlanganim uchun senga yordam beray deb bolalarni o'zim uxlatib berdim-ku," deb erining jahli chiqa boshlaydi. Xotini esa baribir xafa. Nega? Chunki xotini uchun eridan yordam emas, balki maqtovga boy so'zlar va amallar kerak edi. Xotinining psixologik tili rag'batlantirish. Unga gul olib kelish emas, bolalarni uxlatib yordam berish emas, balki "Sen qilgan taoming naqadar mazali", "Bugun qilgan soch turmaging juda senga yarashdi", "Bugun har doimgidek mazza qilib ovqatlandim"-kabi so'zlar muhim edi. Agar eri shuni bilganida, u bolalarni uxlatib ovora bo'lib, keyin esa arazlagan ayoliga jahl qilmasdan osongina shirin rag'batlantiruvchi so'zlar bilan xotinini xursand qila olardi.
Lekin erining psixologik tili boshqa edi. U yordam berish bilan xotiniga o'z minnatdorchiligini ko'rsatmoqchi bo'ldi. Erining tili...

2. Yordam

Yuqoridagi misol kabi bir xil insonlar uchun muhabbatni namoyon qilish yordam berishdadir. Ya'ni, yuqoridagi misoldagi er o'z minnatdorchiligini xotiniga bolalarini uxlatib berib ko'rsatdi. Unday er uchun uning asosiy psixologik tili yordam bo'lgan.
Yana bir misol, xotini kuni bilan uy yumush ishlari, bolalar bilan band bo'lib eri kelgunga qadar charchab ketdi. Eri ishdan kelib, charchagan xotinini ko'rib uni quchoqlab, birga dam olib suhbatlashib o'tirishga undaydi. "Bugun charchagan ko'rinasan, kel biroz birga yotib dam olib olasan,"-deydi. Xotini esa, jahl bilan "Qanday dam olish, shuncha ishim turganda?"-deb zarda qiladi. Eri, "Men unga dam olgin desam, menga zarda qiladi," deb hayron bo'ladi. Nega shunday bo'ldi? Chunki xotini uchun hozir erining mehri emas, balki yordami kerak edi. "Birga dam olamiz" deyishni o'rniga "Kel men axlat tashlab kelay" yoki "Bolalarni o'zim cho'miltirib beray,"-degani xotini uchun muhim edi. Chunki xotinining psixologik tili yordam. Unga mehr va muhabbatni ham yordam berib izhor etish kerak edi. Eri esa boshqa tilda gapirdi. Shuning uchun ular bir birini tushunmay arazlashishdi. Erining tili qaysi edi..?

3. Birga bo'lish

Birga bo'lish tili ko'pincha ayollarni asosiy psixologik tilidir. Chunki er doim ishda bo'lib xotini bilan birga bo'lishga, aylanishga, u-bu joyga borishga doim vaqti bo'lmaydi. Ishdan kelib ham dam olish maqsadida televizor ko'rishni xotini bilan suhbatlashib o'tirishdan afzal ko'radi. Uyda bolalar bilan band bo'lgan, uy yumushlaridan zerikkan xotiniga esa uning e'tibori, suhbati, shunchaki birga o'tirib yoqimli teledastur ko'rish kerak. Chunki uni tili birga bo'lish. Eri esa buni bilmay, "Xotinim ham charchagan, uni ovora qilmay,"-deb o'ziga choy damlab olib divanda futbol ko'rib yotadi. Kechasi esa xotini yig'lab yotganini ko'rib, uni silab, erkalab, jinsiy aloqaga undashni boshlaydi. Lekin xotinini qovog'i baribir ochilmadi. Nega? Chunki ular yana har xil tilda gaplashishdi. Xotiniga eridan erkalash, jismoniy munosabat emas, balki birga o'tirib gaplashish yoki parkka chiqib aylanib kelish, yoki kino ko'rib yotish afzal edi. U eri bilan birga vaqt o'tkazishni ustun ko'rar edi. Eri esa, xotinini dalda bo'lish maqsadida uni erkalaydi, intim munosabatlarga undaydi. Chunki u jismoniy munosabatlar tilida o'z muhabbatini ko'rsatadi, xotinida esa birga bo'lish tili ustun.

4. Jismoniy munosabatlar

Yuqoridagi misoldagi er uchun aynan shu til ustivordir. Aynan jismoniy tegish, erkalash, qolaversa jinsiy aloqa orqali u o'z muhabbatini ko'rsata oladi. Unga ham muhabbatni shu til bilan ko'rsatish kerak. Misol uchun, dam olish kuni xotini erini xursand qilish maqsadida kuni bilan oshxonada mazali taomlar pishirib tushlik tayyorlaydi. Keyin bozorga borib eriga yoqadigan mevalardan olib keladi. Kun mobaynida band bo'lgan xotin kechga yaqin charchab uxlab qoladi. Ertalab esa eri negadir zarda qilib yurganidan hayron. "Axir kecha erimga mazali tushlik qilib berdim, u sevgan anjirni bozordan olib keldim, nega menga ertalabdan zarda qiladilar?"-deb xafa bo'ladi. Nega? Ular yana har xil tilda so'zlashmoqdalar. Eriga mazali tushlik yoki anjir emas, balki dam olish kuni xotini bilan qo'l ushlashib aylanib yurish, quchoqlashib televizor ko'rib yotish, tunda intim munosabatda bo'lish afzal edi. Uning psixologik tili jismoniy munosabatlar edi. Xotini esa o'z tilida unga mehrini namoyon qilib erini ko'nglini topa olmadi. Xotinining tili esa...

5. Sovg'alar

Xotinining tili esa sovg'alar edi. Xotini o'z mehrini eriga sovg'a tariqasida mazali taom pishirib berib, bozordan shirin yeguliklar olib kelib ko'rsatayotgan edi. Chunki bu ayol uchun asosiy psixologik til sovg'alar edi, erining jismoniy munosabatlar tili esa unda ustuvor emas edi, shunga ular bir birining ehtiyojini qondira olishmadi. Sovg'alar tiliga misol keltirsak. Yakshanba kuni xotini hafta mobaynida zerikib ketganini ko'rgan er birga dam olib televizorda yangi kinoni ko'rishni taklif qiladi. Xotini "Kinodan boshqa qiladigan ishim ko'p,"-deb rad etadi. Shunda er, unga o'z muhabbatini namoyon qilish maqsadida bolalarni ko'chaga olib chiqib o'ynatib keladi. Baribir xotini xursand emas. Nega? Xotini birga kino ko'rib vaqt o'tkazish emas, bolalarni ko'chada o'ynatib unga yordam ko'rsatish emas, balki gul taqdim etish, restoranda ovqatlanish yoki ayol uchun doim kerak bo'lgan kosmetika sovg'a qilish xursand qilar edi. Uning psixologik tili sovg'alar edi, u bilan aynan shu tilda muhabbatni namoyon qilish kerak.

Ustuvor til hayot mobaynida o'zgarib turishi mumkin. Masalan, yaqinda farzand ko'rgan ona yordam tilida asosan gaplashsa, yangi ishni boshlagan er rag'batlantirish tilida so'zlashadi. Vaqt o'tib ayol boladan qo'li bo'shab eri bilan birga vaqt o'tkazishni istab birga bo'lish tilini ustivor qilib olishi mumkin va hokazo. Siz va yoringiz qaysi tilda so'zlashayotganingizni aniqlab olsangiz, bir biringiz bilan aynan ustivor tilda gaplashishni o'rgansangiz, oilada tushunmovchiliklar tezda yo'q bo'lishining guvohi bo'lasiz. Kelishmovchilik vujudga kelgan holda ham, uni janjal va alamsiz oson bartaraf eta olasiz.
Albatta yuqoridagi nazariyani bilmasdan ham, er va xotin vaqt o'tishi bilan bir birini tushunishni o'rganib oladi. Lekin shunday vaziyatlar bo'ladi-ki, sizdan yoringiz nima kutayotgani yoki nega siz yoringiz ehtiyojini qondira olmayotganingizni tushunmay qolasiz. Shunda sizga ushbu tillarni va qaysi payt yoringizga qaysi tilda murojaat qilish kerakligini bilish munosabatlaringizni yanada takomillashtirishga ko'mak beradi.
Manba: uzbaby.uz
Просмотров: 1299 | Добавил: Sayyod_Bek | Рейтинг: 0.0/0
Eng ko'p o'qilganlar
Материалов за текущий период нет.
Homiladorlik Taqvimi
Saytdan izlash
So'rovnoma
Каердан Ташриф Буюрасиз?
Всего ответов: 176
Saytga Kirish

Hisobot


Reklama